Diqqat! Portal test rejimida ishlamoqda!

Dars ishlanmalari

OMON POLVON

Yuklab olish
Manba: Bahrom Irzayev Tavsif: Umumiy o'rta ta'lim

Omon polvon Mavlonqul oʻgʻli 1856 yil Namangan viloyati, Xizrobod (Qizil Rabot) qishlogʻida oʻrtahol dehqon oilasida tugʻilgan.

Omon polvon Mavlonqul oʻgʻli 1856 yil Namangan viloyati, Xizrobod (Qizil Rabot) qishlogʻida oʻrtahol dehqon oilasida tugʻilgan. Bolaligidan bir soʻzli, mard yigit boʻlib ulgʻaydi. Kurash tushib, ot choptirib elning nazariga tushdi. Xalqning hurmatini qozongan Omon polvon Qoʻqon xonligining eng taniqli eshonlaridan Hoji Muhammad Aminbekning fatvosi bilan mirobboshilikka tayinlanadi. Aytishlaricha, chor atrofda dongʻi chiqqan Omon polvon Qoʻqon tomonda katta bir uloqda yutqazib, uloqni oldirib qoʻyadi. Ikki oti bilan ham quruq qaytgach, sheriklarini tashlab ortga qaytadi. Ot choptirib Baliqchiga yaqinlashganda yigitlari bilan Andijondan qaytayotgan yangi xokim yosh Turdaliboyvachchani koʻrib qoladi. Ularga yetib kelgach salomlashib, bek otlarim yaramadi samaningizni bering shaʼnimni tiklab olay deydi, bek uzoq yoʻldan oʻzi ham oti ham terlab pishgan Omon polvonga shart otidan tushib, jilovini qoʻliga tutqazadi. Hamrohlari bek shunday qimmat otni bir ogʻiz soʻzga bervordingiza deyishadi. Bek, Omon polvon oldimizga umid bilan kelayotgan edi. Xudo manzilini yaqin qildi, yoʻlimizdan chiqdi. Bizga polvonni shaʼni kerak. U yurtni shaʼnini ximoya qiladi. Yigitni shaʼni bu bir ot xolos, ming otlardan qimmat turadi degan ekan. Omon polvon samanni minib Qoʻqon tomonga choptirib ketadi. Yetib borib uloqning soʻngida eng katta yutuqlarini bir necha bor olib gʻolib boʻlib qaytadi. Saman oʻzi uloq oldida tik choʻkib turib otlar orasidan yorib chiqib ketar ekan. Otni kattaligidan baland boʻyli oyoqlari uzun boʻlmasa, oʻrta boʻyli kishilar, mina olishmagan ekan.

1918 yil Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach, bolshevik qizil askarlar va arman doshnoqlarining qirgʻin barotlari avj olib, elning mislsiz qoni toʻkilishiga sabab boʻldi. Mana shunday talotoʻp zamonda Qizil Rabot qishlogʻida ariq oqsoqoli vazifasida boʻlgan Omon polvon xalq himoyasi uchun qoʻliga qurol tutishga majbur boʻladi. Zarxonga kelgan piri Hoji Muhammad Aminbek eshon unga miltiq va bir necha yigit beradi. Unga qoʻrboshi unvoni va xalqdan soliq yigʻib olish huquqini beruvchi fatvo yozib, oʻz muhrini bosadi. Shundan soʻng Omon polvon ham Turkiston milliy ozodligi uchun hayot mamot jangiga kirgan istiqlolchilar safidan oʻrin oldi. U Fargʻona vodiysida qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlagan 9 nafar harbiy qoʻmondonning biriga aylandi. Avval Muhammad Aminbekning buyrugʻi bilan Namangan Andijon oʻrtasidagi temir yoʻlni buzdi. Muhammad Aminbekning Namanganga yurishida ishtirok etib, oʻz yigitlari bilan Namangan shahrining vokzal tomonini qizil askarlardan tozalashga bosh qosh boʻladi. Toʻraqoʻrgʻonlik Dadaboy qoʻrboshi va uychilik Maqsud qoʻrboshilar uning eng yaqin safdoshlari edi. Bundan tashqari yana oʻnlab mayda oʻzbek va qirgʻiz qoʻrboshilarga rahbarlik qilib, jami yigitlari soni 2500 – 3000 nafarga borardi. Madaminbek shahid qilinganidan soʻng Shermuhammadbekning rahbarligi ostida boʻldi. 1922 yilda Omon polvon Mavlonqul oʻgʻli Norin daryosidan Chustgacha boʻlgan xududlarni oʻz nazoratiga oladi. Biroq, harbiy qonunlarni nazar pisand etmagan bolshevik maʼmurlari uni sindirish uchun har qanday tubanlikdan qaytmadilar. Avval, doimiy qochqinlardan toliqqan turmush oʻrtogʻi Qorasoch begimni, soʻng uni qidirib kelgan yagona oʻgʻlini hiyla bilan hibsga oladi. Shunda Omon polvon “bitta-yu bitta oʻgʻlim, shuni qaytarib bersalaring berdinglar boʻlmasa hammangning kallangizni olaman deb tahdidli xitobnoma yoʻllaydi. Avval ayolini, kechga yaqin oʻgʻlini ikki qizil askar qaytarib olib keladi. Biroq, sovetlarning tinimsiz fitnalari va ogʻir sharoit yigitlarni oʻta toliqtirgan edi. Natijada qarshilik kuchlari oʻrtasida parchalanish kuchayadi. Ayniqsa, 1922 yil uning qarorgohiga kelgan Hoji Muhammad eshon Ahmadbek polvon degan qoʻrboshi tomonidan hukumat tarafidan yuborilgan xoin degan boʻhton bilan chopib, soʻng otib tashlanadi. 86 yoshli elning ardogʻidagi pir insonning Omon polvonning qarorgohida halok boʻlishi ham uning el orasidagi obroʻsiga katta zarar yetkazadi. Buning ustiga yoshi ulugʻligi tufayli sogʻligʻi ham yomonlashib bel ogʻrigʻi tufayli otning ustida oʻtirishga qiynala boshlaydi. Shunda 1922 yildan qoʻli ostida boʻlgan Yaqubbek Parpiboyevga Qurʼonni qoʻyib ahd-paymon bilan ota-bola kirishgach, oʻzining yigitlari va Xizirobodda yashirib qoʻygan 40 dona miltigʻini topshiradi. Omon polvon shunday kunlarning birida sobiq doʻsti mullo Nurqul mirobboshining yarash oshi taklifiga rozi boʻladi. Aslida mullo Nurqul ancha vaqtdan buyon maxsus boʻlimdan qurol yarogʻ va vazifa olib Omon polvonning iziga tushgan edi. Yaqubbek ham mullo Nurqulning fitnasiga rozi boʻlib xiyonat yoʻlini tutadi. Ular 1923 yil 24 may kuni qoʻrboshi Omon polvonni bogʻlab hukumatga topshirishga qaror qiladi. Bu xiyonatdan xabar topgan Bayoz qoʻrboshi Yaqubbekdan Omon pahlavonni qoʻyib yuborishini talab qiladi. Biroq, bu vaqtda Yaqubbekning akasi Ahmadbek allaqachon qizil askarlarni olib kelgan edi. Shu tariqa umrining 25 yilini muroblik qilib el soʻragan. Kurash va uloqlarda halol gʻalabasi bilan xalq olqishini olgan. Bir umr pok nomini ochkoʻzlik el rizqiga koʻz ola qilib bulgʻamagan. Janglarda jon olib jon berib dushmanlarining ham eʼtirofini topgan bir inson makr-hiylaning, adovat va xiyonatning qurboni boʻldi.

1923 yil 27 may kuni Omon polvonni topshirganligi evaziga katta unvon va imtiyozlar ilinjida garnizonga bogan Yaqubbek Parpiboy oʻgʻli ham yigitlari bilan hibsga olindi...

* * *

“Fargʻona” gazetasida Mullo Mirzo Ali nomli kimsaning “Qoʻrboshi Omon polvonning ushlanishi haqida” maqolasida Omon pahlavonni “har kunda 20 30 begunoh fuqaroning boshini kesar edi” deb taʼriflab, Olabuqalik qirgʻizlardan mullo Nurqul mirobboshi afandi Oʻrozali hoji oʻgʻli degan kimsaning hiyla bilan Omon polvonni tutib hukumatga topshirganini alqab sheʼr ham bitadi:

Andijon, Oloy, Xoʻqondan,
Oshib yurgan Omondi.
Jami otryad yetolmay,
Shoshib yurgan Omondi.
Qomob berding Afandi!
Yangiqoʻrgʻonda milisa,
Yeta olmogʻon Omongʻa,
Jami otryad yigʻilib,
Ota olmagʻon Omongʻa,
Kosondan chiqqan milisa,
Tuta olmagʻon Omongʻa,
Kengash bilan osh qilib,
Kirgizib qoʻyding Afandi...

Koʻp kuttirmay 1923 yil 11 iyun Namanganning “Sharq” teatri binosi Omon polvonning sudini koʻrishni istagan tomoshachilar bilan toʻldi. Sud rais, aʼzolari, qoralovchilar, xatto mudofaachilar boʻlgan sud teatri uch kun davom etdi. Omon polvon Mavlonqul oʻgʻli, Yaqubbek Parpiboyev, shuningdek, Abdugʻaffor Xoliqqulboyev, Otaqul Darvesh oʻgʻli, Hakimboy Abdiboy oʻgʻli, Xudoyberdi Doʻstboy oʻgʻlilar qora kursiga oʻtqazildi. Son sanoqsiz shohidlar goʻyoki Omon polvon tomonidan oʻldirilgan insonlarning ayollari, onalari ularning suratlarini koʻtarib kelib davo qildilar...

13 iyun kuni sudning oxirgi majlisi boʻldi:

“...Butun kishilar oyoq uzra turgan holda mayublarning gunohlariga yarasha hukmlari eʼlon qilinur:

1 – Omon polvon bosmachiliq tashkiloti tuzulgonidan beri qilgʻon ishlarini birma bir aytib chiqib natijada jinoyat qonunining birinchi bobining 72 inchi statiyasiga muvofiq jazoga hukm qilinur.

2 – Hakim Abdiboy oʻgʻli 3) Abdugʻaffor Xoliqquli oʻgʻli 4) Xudoyberdi Doʻstboy oʻgʻillari ham sud vaqtida boʻyinlariga qoʻyilgan ayblariga muvofiq mazkur hukm bilan jazoga mustahiq boʻlsalar ham lokin Abdugʻaffor Xoliqquli boy oʻgʻli yosh boʻlib ochiqdan ochiq bosmachiliq qilmagʻoni uchun oʻz yurtidan toʻrt yil badargʻa qilinib mulk va ashyosi musodara qilinmoqgʻa; Xudoyberdi Doʻstboy oʻgʻli ham mulk – ashyosidan mahrum qilinib 10 yil hibsga hukm qilindi.

Ammo Omon polvon bilan Hakim Abdiboy oʻgʻlilari jinoyat va qilgʻon gunohlari ortuq darajada boʻlganlikdan butun bor yoʻqlari musodara oʻzlarini otishga hukm qilinib harbiy holatni nazarda tutub, 72 soat suroq berilmasdan hukm darhol ijro qilinur.

Ammo Yaqubbek bilan Otaqul Darvesh oʻgʻullari ham bosmachiliq bilan ayblanganliklari sababli 72 inchi moddaga muvofiq hukmga mustahiq boʻlsalar ham lokin gunohlari, ishlari ochuv boʻlmaganlik sababdan ishlarini butunlay haqiqat qilib chiqmoq uchun osobiy otdelga topshirilur.

Hukmni ijro

Omon polvon bilan Hakim Abdiboy oʻgʻliga oʻz hukmlari bildirilganidan keyin ikkovining qoʻlini orqasiga bogʻlab oʻlim jazosidan qutulgʻon mayublardan ajrotub osobiy otdelga keltirildi.

Bunda bir oz turganidan keyin Namanganning shimol tomonidagi adirga qarab harakat qilindi. Otish marosimiga taxminan ikki mingdan ortiq xalq tomoshogʻa chiqqan edi. Qabr Tayyor boʻlganidan keyin mayublarni olib kelib osobiy otdelning komendanti tomonidan Omonning boʻyniga nagan bilan bir oʻq qoʻyildi. U choʻzulub qolgʻondan keyin keyin Hakimboyni toʻgʻrilab unga ham qoʻyildi. Bundan keyin Omonga ikki oʻq – Hakimboyga bir oʻq otilib, qabrga tashlanub, ustidan tuproq tortildi.

Fargʻonadagi bosmachiliq harakatining olti yilliq bir qahramoni boʻlgan Omon polvon mojarosiga shuning bilan xotima berildi” (“Fargʻona” gazetasidan olindi).
Haqiqat shulki oʻsha vaqtlarning oʻzida Namangan va atrof qishloqlarida “Omonyor” qoʻshigʻining 9 turi el orasida paydo boʻldi. Ularning eng mashhurlari “Omonyor”, “Omoncha”, “Omondor”, “Omono”, “Omon bor” lar boʻlib, jumladan:

“Omonda tur, Omonda tur, Omonyor,
Inson boʻlsang vaʼdangda tur, Omonyor.
Omon ekan, Omon ekan, Omonyor,
Shundoq qiziq zamon ekan, Omonyor...”

“Omoncha” esa Omon polvoning yigitlari orasida boʻlib vatan, din va millat erki deb halok boʻlgan farzandining xabarini eshitgan onaning tilidan:

Omoncha ingrasangchi, Omonyor,
Belingni bogʻlasangchi, Omonyor.
Belingni bogʻlab olib, Omonyor,
Joʻramlab yigʻlasangchi, Omonyor...

Yana bir turi “Omoni” boʻlib Omon polvoning tilidan:

Uchqoʻrgʻon yoʻling qursun,
Ichmayman suving qursun.
Bek akamni oʻldirgan,
Xolxoʻja yuzing qursin...

Albatta, bu qoʻshiqlarning har biri haqida uzoq muhokama qilish mumkin. Lekin, bir narsa aniqki, shoʻro hukumati qanday talqin etmasin ularning “bosmachilik” deb nomlagan harakati chin maʼnoda yurt istiqlol uchun hayot mamot jangi, ularning yetakchilari esa chin maʼnoda milliy qahramonlarimizdir.

  

 

 

Yana...