Diqqat! Portal test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

Ta’lim sohasida yangi qo‘shma loyiha

Yuklab olish
Manba: uza.uz Tavsif:

Toshkent shahrida YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Germaniya Xalq universitetlari uyushmasi – DVV International tashkiloti bilan hamkorlikda «Hayot davomidagi ta’lim» mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbir 2015-2030-yillarga tasdiqlangan BMT Barqaror rivojlanish dasturining «Barchaga inklyuziv va sifatli ta’lim berish hamda hayot davomida ta’lim olish imkoniyatini yaratish» maqsadini mamlakatimizda amalga oshirish, 2016-2020-yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida imzolangan YuNDAF dasturining navbatdagi loyihalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida tashkil qilindi.

O‘zbekiston Katta yoshlilar ta’limi uyushmasi ijrochi direktori M.Xadayev, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat, DVV International tashkilotining O‘zbekistondagi vakili L.Kvachadze va boshqalar O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakatimiz ta’lim tizimining afzalliklari, 12-yillik (9+3) majburiy bepul ta’limning joriy etilgani, har kimning ta’lim olish bo‘yicha huquq va manfaatlari ta’minlanayotgani, qiziqishi va layoqatiga mos kasb-hunar egallashiga doimiy e’tibor qaratilayotgani hamda hayot davomidagi ta’limning dolzarbligi qayd etildi.

– Ta’lim barqaror rivojlanishning asosi hisoblanadi, – dedi YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat. – «Ta’lim-2030 – barchani qamrab oluvchi sifatli ta’lim tizimi va hayot davomidagi ta’lim sari» deb nomlangan Incheon Bayonoti YuNESKOning ta’limga oid 4-Barqaror rivojlanish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Barqaror rivojlanishga erishishning yagona yo‘li tarmoqlararo o‘zaro muvofiq kelishuv va sohaga oid islohotlarni hayotga izchil tatbiq etishdir. Bu islohotlar atrof-muhit, iqtisodiyot va jamiyatdagi muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘lib, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi sifatli va hayot davomidagi ta’lim tizimidan boshlanadi. Shu munosabat bilan biz Germaniyaning DVV International tashkiloti bilan hamkorlikda milliy va xorijiy mutaxassislarni O‘zbekistonda hayot davomidagi ta’lim bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish jarayoniga jalb etdik.

Tadbirda taklif etilayotgan mazkur ta’lim siyosati bo‘yicha O‘zbekistondagi imkoniyatlar va ulardan foydalanish shart-sharoitlari xususida so‘z bordi. Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun xizmat qiluvchi hayot davomidagi ta’lim tushunchasi bo‘yicha xabardorlikni oshirish va kerakli muhitni yaratish borasida ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashildi.

Sevara Alijonova

Yana...